Bosh sahifa » Matbuot markazi » Yangiliklar

“YURTIMNI OBOD ETAMAN!” shiori ostida obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish loyihasi

    “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati  2010 yilning 18 fevralida Markaziy Kengashning №12/02-27-sonli “Yurtimni obod etaman” shiori ostida obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish loyihasini o’tkazish to’g’risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

  Loyihadan ko’zlangan asosiy maqsad - Navro’z bayrami arafasida uy-joy, mahallalar, ta’lim muassasalari, korxona, tashkilot va muassasalarda, shuningdek, muqaddas qadamjolar, qabristonlar, ziyoratgohlarda tozalash ishlarini tashkil qilish, obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, o’zgalar himoyasiga muxtoj bo’lgan oilalarga ko’mak berish, boquvchisini yo’qotgan yolg’iz keksalar hamda II Jahon urushi qatnashchilari xonadonlarida hasharlar uyushtirish bilan birgalikda xo’jalik ishlariga ko’mak berishdan iborat.

Loyiha 4 ta asosiy loyihadan tarkib topgan bo’lib, ular quyidagilarni o’z ichiga oladi:

 1.     “XASHAR-YOSHLARGA YARASHAR!”

 obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish

loyihasi bo’lib, undan ko’zlangan asosiy maqsad - mamlakatimiz hududlaridagi yoshlarning o’qiyotgan va ish faoliyatini olib borayotgan muassasalar, mahallalar, jamoat madaniy ob’ektlari, ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolar hududida, shuningdek boquvchisini yo’qotgan qariyalarning uy yumushlariga yordam berib, hovlilarida ommaviy hasharlar uyushtirish, ozodalik va obodonlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan olib borishga qaratilgan.

Bu loyiha respublikamizning barcha tuman, shahar, qishloq, ovul va mahallalari, istirohat bog’lari, “Kamolot” va “Yoshlar” bog’larida o’tkazilmoqda.

 2.     “YAXSHIDAN BOG’ QOLUR...”

     ko’chat ekish va bog’ yaratish loyihasida

Ota-bobolarimizdan bizgacha saqlanib kelayotgan qadriyat - ko’chat ekib bog’ yaratishdek milliy an’anamizni davom qildirish, yurtimizni obod bo’lishida tuman, shahar va qishloqlari ko’rkiga-ko’rk qo’shish, shuningdek yoshlarimizning atrof-muhit va ekologiyani yaxshilashga o’z hissalarini qo’shish, qishloqlardagi fermer xo’jaliklarda mehnat qilayotgan yoshlar uchun dam olish joylarini barpo qilishga manzarali va mevali daraxt ko’chatlari ekib, “Fermer yoshlari” bog’larini yaratishga ko’mak berish. SHuningdek,  hududlardagi boquvchisini yo’qotgan qariyalar uy-hovlilarida ko’chat ekib ko’kalamzorlashtirish ishlar olib boriladi.

 3. “O’TGANLAR RUHINI SHOD ETAYLIK!”

qabristonlar, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni

obodonlashtirish loyihasi

Bu loyiha orqali yoshlarni o’tganlarni xotirlash, ularga mos farzandlar bo’lib yetishish ruhida tarbiyalash, ajdodlarimiz ruhlarini shod qilishda, qabristonlarda ommaviy hasharlar uyushtirish, ozodalik va obodonlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan olib borishdan iborat.

 4. “MEHR-MURUVVAT BAYRAMI – NAVRO’Z!” 

ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan insonlarga yordam ko’rsatish loyihasi

Yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, insoniylik, vatanparvarlik va o’zgalar himoyasiga muhtoj insonlarga nisbatan mehr-oqibat va rahmdillik tuyg’ularini shakllantirish, shuningdek ularni doimo moddiy va ma’naviy ko’mak berishga tayyor bo’lishga o’rgatishdan iborat bo’lib, - Boquvchisini yo’qotgan qariyalar, imkoniyati cheklangan nogiron bolalar, II-Jahon urushi qatnashchilari, Afg’onistonda harbiy xizmatni o’tab qaytgan insonlar xonadonlarida o’tkaziladi. 

 

Loyiha 2010 yilning 1 martidan 1 mayiga qadar davom etadi.

  Aziz yoshlar! Loyihada faol ishtirok etib, ona-Vatanimizning  obod bo’lishi va gullab-yashnashiga o’z hissamizni qo’shaylik!