Ekologik xavfsizlikni ta’minlash va tabiatni muhofaza qilish borasida O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoshlar ommasiga yetkazish muhim vazifa hisoblanadi. Loyiha “Atrof-muhit tozaligi uyning ostonasidan boshlanadi” shiori ostida ekologiya mavzusiga oid yoshlar uchun turkum radioeshittirishlarini amalga oshirishni ko’zda tutadi. Buning natijasida – ichimlik suvini isrof qilmaslik, tuproqni e’zozlash, atmosfera havosini ifloslantirmaslik, iqlim o’zgarishi, elektr va energoresurslardan oqilona foydalanish, maishiy chiqindi va atrof-muhitning boshqa muammolarini qamrab olinadi. Xalqimizining boy ekologik qadriyatlarini yoshlarimiz tomonidan targ’ib qilish eshittirishlarda alohida o’rin tutadi. Mavzuga oid radioeshittirishlar yoshlar tomonidan turli ko’rinishda - savol-javob, debat, muloqot, reportaj tarzida tashkil etiladi. Yoshlarlarning ekologik radioeshittirishlari Toshkent radiokanalining “Ekologiya va Biz” dasturida amalga oshiriladi.
Loyiha 3ta bosqichda amalga oshiriladi:
1 bosqich - Toshkent shahrining 11 nafar faol o’quvchi-yoshlari tanlov asosida “EKOMAKTAV”da tashkil etiladigan qisqa muddatli o’quv-amaliy mashg’ulotlarga jalb etiladi. Malakali mutaxassis va olimlar tomonidan yoshlarga ekologiya asoslari, atrof-muhitni muhofaza qilishga oid milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz, qonunchiligimiz, xalqaro ekologik konventsiyalar mazmuni bilan tanishtiradilar.
2 bosqich - Radioefirda chiqish ko’nikmalari, san’ati va mavzuni yoritish bo’yicha yoshlar bilan mashg’ulotlar o’tkaziladi. Jurnalistika janrlaridan foydalanib radioeshittirish tayyorlash, yetakchilik sifatlarini rivojlantirish bo’yicha yoshlar uchun trening tashkil etiladi.
3 bosqich - Yoshlar tomonidan ekologiyaning turli mavzulariga oid “Ekologiya daqiqalari” ostida radioeshittirish tayyorlanadi va bevosita chiqishlar uyushtiriladi.
Respublikamiz umumiy ta’lim tizimida ekologiya alohida fan sifatida o’tilmasligini nazarda tutib, aynan yosh avlod tomonidan tayyorlangan “Ekologiya daqiqalari” mavzuidagi radioeshittirishlar bolalar, o’quvchi-yoshlar ekologik bilimining o’sishiga, ekologik madaniyatga rioya etishlariga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
Loyihani amalga oshirish jarayonida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan biznes tuzilmalardan birini loyiha faoliyatiga jalb etish loyihaning muhim vazifasi hisoblanadi. EKOMAKTAB ishtirokchilarini tabiatni muhofaza qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish jarayoni bilan tanishtirish borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan uchrashuv o’tkazish ko’zda tutiladi. Radioeshittirishlar orqali yoshlarning “Suvni asraylik”, “Xazonlarni yoqmaylik”, “Tabiatga loqayd bo’lmaylik!” kabi ekologik aktsiyalari Toshkent shahrida o’tkaziladi. Loyiha davomida yoshlarni O’zbekistonda alohida muhofaza etiladigan hududlar va ularda qonun muhofazasi ostiga olingan tabiat yodgorliklari bilan yaqindan tanishtirish borasida EKOMAKTAB ishtirokchilarining Ugom-CHotqol Davlat biosfera qo’riqxonasiga amaliy sayohati uyushtiriladi. Amalga oshirilgan yoshlar ekologik radioeshittirishlari natijasida ichimlik suvi, tuproq, havoni va hududlarni muhofaza qilish bo’yicha plakatlar nashr etilib Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan yoshlar jamoalariga hamda mahallalarga taqdim etiladi. Loyiha yakunlangandan so’ng, maktabni o’tagan yoshlar “Kamolot” hamda ta’lim muassasalari faoliyatida ekologik targ’ibot-tashviqot ishlarini tashkil etib radioefir dasturida chiqishlar uyushtiradilar.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy zaxiralardan oqilona foydalanish jamiyat barqaror rivojlanishining kafolati bo’lib, bu sohada respublikamizda mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. Atrof-muhit muhofazasiga oid O’zbekiston o’ndan ortiq xalqaro konventsiyalarni ratifikatsiya qilgan. Yuzaga kelayotgan ekologik vaziyat keskinligi, ichimlik suvining tanqisligi va bir qator ekologik muammolar aholining, ayniqsa yoshlarning ekologik madaniyatini shakllantirish, mas’uliyati va faolligini oshirish vazifasini kun tartibiga qo’ymoqda. Yoshlar - respublikamizda atrof-muhitni muhofaza qilish jarayoniga konstruktiv hissa qo’shadigan salohiyatli kuchdir. Bu bois, tabiatni muhofaza qilish jarayoniga yoshlarni safarbar etish, ularda ekologik xavf-xatarni anglash, mas’uliyatli qaror qabul qilish, faollik va shaxsiy tashabbuskorlikni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, respublikamiz aholisining katta qismini 18 yoshgacha bo’lgan yoshlar tashkil etadilar. Bizning nazarimizda, aholi va yoshlar o’rtasida atrof-muhit va uni ifloslantirish, tabiat resurslaridan foydalanish, mavjud ekologik-huquqiy javobgarlik, birlamchi ekologik bilim va tushunchalarni yoshlar uchun maxsus tashkil etilgan radioeshittirish orqali ularga yetkazish muhimdir. Loyihadan ko’zlanayotgan vazifalardan biri - yoshlarning kuch-irodasi, orzu-intilishlari, tashabbuskorligini, bilim, salohiyatini va sa’y-harakatini ekologik tizim muvozanatini va tabiat zaxiralarini kelajak avlodlar uchun asrash zarurligiga qaratish hamda ularda faol ekologik ong va munosabatni shakllantirishdan iborat. Loyiha doirasida EKOMAKTABni o’tagan 11 nafar yoshlar atrof-muhit muammolari va uning muhofazasiga oid ma’lumotlar hamda xalqaro ekologik Konventsiya mazmuni bilan yaqindan tanishadilar. Ekologik bilim va ma’lumotlarga ega bo’lgan bu yoshlar Toshkent kanalidagi “Ekologiya va biz” efiri orqali ekologik bilim, tafakkur hamda sog’lom muhit targ’ibotchilari bo’lib shahar, tuman, mahallardagi yechimini kutayotgan ekologik masalalarga oid radioeshittirishlarni bevosita mutaxassislar ishtirokida hamkorlikda tayyorlaydilar. Joylardan radioreportajlarni amalga oshiradilar. Mazkur eshittirishlar haftasida bir marta tayyorlanib, to’rt oy davomida radioefir to’lqinlariga chiqadi. Yoshlar tomonidan tayyorlangan mazkur eshittirishlar yoshlarning ekologik bilim, ekologik-huquqiy saviyasini oshirishga, resurslardan samarali foydalanishga, atrof-muhitni ifloslantirishning huquqiy javobgarligi, tinglovchilar dunyoqarashi, hatti-harakatlarini o’zgartirishiga hamda bir yoqlama, tor fikrlashdan voz kechishga xizmat qiladi, deb o’ylaymiz. Atrof-muhit va ekologik xavfsizlik muammolarini teran tushunishga va bugungi murakkab kun talablariga javob berishga yo’l ochadi. SHu bilan birgalikda, yoshlarning “Ekologiya daqiqalari” radioeshittirishida muhokama etiladigan mavzularga olimlar, yozuvchi va estrada yulduzlari taklif etiladilar va shu orqali yoritilayotgan ekologik mavzu har bir xonadonga kirib boradi, deb o’ylaymiz. Radioeshittirish orqali atrof-muhit tozaligi yo’nalishi bo’yicha EKOMAKTAB tomonidan o’quvchi-yoshlar bilan birga Toshkent shahrida ekologik tadbirlar tashkil etiladi. Buning natijasida yoshlar milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analar asosida atrof muhit tozaligi sog’lom turmush tarzining garovi ekanligini tushunib yetadilar.
LOYIHADAN KUTILAYOTGAN NATIJALAR
1. Atrof-muhitni muhofaza qilish mavzusida yoshlar tomonidan Toshkent radiokanalining “Ekologiya va Biz” dasturida “Ekologiya daqiqalari” mavzusida yoshlarning o’ziga xos radioeshittirishi tayyorlanadi.
2. Tinglovchilarning ekologiyaga oid bilim, ma’lumotlari kengayadi, atrof-muhitning kishi farovonliligiga, salomatliligiga ta’sir etishi hamda tabiatni ifloslantirish to’g’risida huquqiy javobgarlik mavjudligidan xabardor bo’ladilar.
3. Ekologik mavzuni yoritish uchun boshqa radiokanallarga turtki berib, yoshlar tomonidan dasturlar tayyorlanadi.
4. EKOMAKTABni o’tagan yoshlar ekologik mavzuni yoritish uchun boshqa radiokanallarga taklif etiladilar.
5. Jajji bolajonlar uchun mo’ljallangan ekologik mavzularni yoritish bo’yicha loyihalar ishlab chiqiladi.
6. Yoshlar tomonidan atrof-muhit tozaligini saqlash hamda uning ifloslanishini oldini olish bo’yicha targ’ibot-tashviqot ishlari yo’lga qo’yiladi.
7. Yoshlarning ekologiyaga oid radioeshittirishlari aholining barcha qatlamlarini, yoshlarni atrof-muhit tozaligini saqlash, ko’kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga jalb etishga xizmat qiladi.
8. Loyiha doirasiga jalb etilgan yoshlarning har birini o’z imkoniyatlarini, egallagan ko’nikmalarini qo’llashga, o’z o’rnini topishga va bo’lajak ixtisosligini (radiomuxbir) egallashga zamin yaratadi.
9. EKOMAKTAB markazi uchun ekologik tadbirlarni radioeshittirish orqali yoritish ishlari yo’lga qo’yiladi.
Ma’lumot uchun telefonlar: 1502264, 1502253
| Copyright © 2006-2009 "Kamolot" Yoshlar Ijtimoiy Harakati | mailto: info@kamolot.uz Qabulxona |
![]() |